FNQIZda O‘zbekistonda neft shlamini qayta ishlovchi yagona sanoat qurilmasi ishga tushirildi

Bu atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirish va korxonaning iqtisodiy barqarorligini oshirishga yordam beradi.

Joriy etilgan texnologiya neft shlamini (neft chiqindilarini) suyuq va qattiq fazaga - neft mahsulotlari ishlab chiqarishga qaytariladigan va korxonaning aylanma suv ta’minotida asqatadigan texnik suvga - ajratish yo‘li bilan utilizatsiya qilish imkonini beradi. U qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

Neft shlami - bu neftni qayta ishlash jarayonining qoldiq mahsuloti bo‘lib, u qayta ishlashning yakuniy bosqichida och va to‘q fraksiyalarga aylanadi. Agar ilgari korxona O‘zbekiston Respublikasi ekologik me’yorlari asosida uni utilizatsiya qilgan bo‘lsa, bugungi kunda shlamni qayta ishlash qurilmasi tufayli mahsulotning katta qismi parchalanib, neftni qayta ishlash sikliga qaytarilmoqda. Shu tariqa, FNQIZ texnologik cheklovlar tufayli ilgari ishlatib bo‘lmagan qo‘shimcha xomashyoga ega bo‘ldi.

Qurilmani o‘rnatish jarayonida FNQIZ mutaxassislari xalqaro injiniring kompaniyalarini faol jalb qildilar. Jumladan, Xitoyning Hebei GN Solids Control Co., Ltd korporatsiyasi FNQIZning sanoat platformasiga neft shlamining turli tarkiblarini qayta ishlash uchun mobil qurilmani ishlab chiqdi, ishlab chiqardi va yetkazib berdi.

30-mart holatiga ko‘ra, qurilma ishga tushirilganidan beri 180 soatdan ortiq ishlagan. Shu vaqt ichida kamida 450 kub metr neft shlami qayta ishlandi.

“Oxirgi bir necha yil davomida korxonada 10 ming kub metrdan ortiq neft shlami to‘plangan. Yangi qurilma neft qoldiqlarini ajratish va shu orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish imkonini beradi”, – deydi modernizatsiya bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdusalom Abdumanoniy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha qayta ishlangan mahsulotlardan foydalanishdan qo‘shimcha iqtisodiy foyda olish imkoniyatining yaratilishi ham mazkur texnologiyani joriy etishning muhim natijasidir.

“Zavodning loyiha quvvati oyiga qariyb 3 ming kub metr neft shlamini qayta ishlashga mo‘ljallanganligi bois qurilma nafaqat Farg‘ona zavodida, balki respublikaning boshqa sanoat korxonalarida hosil bo‘ladigan neft shlamini ham qayta ishlash imkonini beradi”, — deya qo‘shimcha qildi Abdusalom Abdumanoniy.

 

Zavod Matbuot xizmati


Нашр этиш