Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tarmoqlararo sanoat yarmarkasida

Farg‘onada Hududlararo sanoat yarmarkasi boshlandi va u 14-iyunga qadar davom etadi. Tadbir Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan.

Yarmarkada qurilish, to‘qimachilik, neft-gaz, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, avtomobilsozlik, turizm kabi turli sohalardan 100 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Yarmarkadan ko‘zlangan asosiy maqsad import o‘rnini bosish va mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdan iborat. Kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish, kompaniyalar o‘rtasida barqaror hamkorlik aloqalarini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Farg‘ona NQIZ yarmarkada benzin, dizel yoqilg‘isi, aviatsion yoqilg‘i, neft mahsulotlari va "SEG Motol" brendi ostidagi yuqori sifatli premium sinfga oid moylar kabi keng turdagi mahsulotlarini namoyish etmoqda.

“Yarmarkada ishtirok etish FNQIZga o‘z yutuqlarini namoyish etish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda mavjud hamkorlikni mustahkamlash uchun imkoniyat yaratadi. Biz iste’molchilar hamda soha bo‘yicha hamkasblarimizdan mahsulotlarimiz va jarayonlarni yanada takomillashtirishga yordam beradigan qimmatli fikr-mulohazalarni olamiz", – dedi Farg‘ona NQIZ bosh texnologi Farxod Abdullayev.

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш