Mutaxassislar finalda bellashdi

Yil o‘tgani sari avlodlar almashinuvi yuz beradi. Bu tabiiy holat. Inson hayotida ham, ish joyida ham mazkur jarayon kuzatiladi. Ota-onalar farzandlariga taʼlim-tarbiya berib, insoniy fazilatlarni ularning qalblariga singdirishi, korxonada faoliyat yuritayotgan malakali ustozlarning esa shogirdlariga ko‘p yillik tajribalari asosida soha sir-asrorlarini o‘rgatib borishi eng to‘g‘ri yo‘ldir. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida korxona rahbarining 2023 yil 1 maydagi qo‘shma qarori asosida “Mutaxassislar bellashuvi”ning tashkil etilishi shu kabi maqsadlarni qamrab oldi. Musobaqalar davomida korxonada mehnat qilib kelayotgan turli kasb egalari – o‘z sohasining ustalari bo‘lgan ustozlar shogirdlari bilan birgalikda amaliy va nazariy sinovlardan o‘tdilar.

Bellashuv nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar finalga qadar guruhlararo musobaqalarda va yarim final bosqichida kuch sinashdilar. Final bosqichi shartlari avvalgi bosqichlar shartlaridan boshqacha ko‘rinishda tashkil etildi. Unga ko‘ra, dastlab o‘z sohasi yo‘nalishi bo‘yicha final bosqichiga yetib kelgan ustoz va shogirdlardan iborat jamoalar qurʼa tashlash yo‘li bilan yangi jamoa sifatida shakllantirildi. Guruhlarga bosh bo‘lgan ustoz mutaxassislar maxsus sharlarga yashiringan nomaʼlum ishtirokchi aʼzosini sharni ochish orqali tanlab oldilar. Shu tariqa jamoalar quyidagicha tarkib topdi:

1-guruh: Ustoz Sohibjon Qosimov (9-tsex) bosh bo‘lgan jamoa. Aʼzolari: Rahmonjon Azamov (5-tsex), Muhammadjon Boboyev (1-tsex), To‘xtasin Ismoilov (9-tsex), Dilmurod Matkarimov (1-tsex), Aminjon Neʼmatov (1-tsex).

2-guruh: Ustoz Ravshan Jo‘rayev (1-sex) bosh bo‘lgan jamoa. Aʼzolari: Sodiqbek Azamov  (9-tsex), O‘ktambek Ismoilov (1-tsex), Diyorjon Neʼmatov (1-tsex), Shukurullo Yusupov, (5-tsex), Dilshod Mo‘ydinov (5-tsex).

3-guruh: Ustoz Ziyoviddin Ahmedov (5-sex) bosh bo‘lgan jamoa. Aʼzolari: Shermatjon Axmatjonov (1-tsex), Hasanjon Sattorov (9-tsex), Munira Yusupova (5-tsex), Botirjon Mamatqulov (1-tsex), Nodirjon Shokirov (9-tsex).

4-guruh: Ustoz Ibrohim Obbosxonov (1-tsex) bosh bo‘lgan jamoa. Aʼzolari: Islombek Xolboyev (5-tsex), Nuriddin Abdullayev (1-tsex), Muhriddin Xalilov (1-tsex), Yahyojon Sobirov (9-tsex), Javohirbek Haydarov (1-tsex).

Musobaqada turli soha vakillaridan tarkib topgan jamoalarga faoliyatlariga doir 10 ta nazariy savol berildi. Final bosqichi hakamlari – zavod direktorining birinchi o‘ribosari Iqboljon Rahimov, bosh muhandis Dilshod Urunbayev, Personallarni boshqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Feruzaxon Boltaboyeva, Personalni o‘qitish va rivojlpntirish bo‘limi boshlig‘i Nasiba Maxmudovna va Ishchilarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Otabek Fozilov savollarga javoblarning qanchalik tez, to‘g‘ri va mukammalligini adolatli baholab bordilar.

– Ishtirokchi jamoalar sohaga oid hamda kasb-korlari, zavod ishlab chiqarish jarayonlari, mehnat va texnika xavfsizligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha savollarga javob berishda faolliklarini namoyon etishdi. Bu – xodimlarning bilimdonligi, malaka va tajribalarining yuqoriligi va eng asosiysi, kasblariga bo‘lgan mehrlari mustahkamligidan dalolat beradi. G‘olib bitta bo‘ladi, lekin biz hakamlar ularning barchasini g‘olib sifatida bilamiz,-deydi Personallarni boshqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Feruzaxon Boltaboyeva.

Ikkinchi shartda jamoalar amaliy mashg‘ulot bo‘yicha sinovdan o‘tdilar. Bu bosqich shartida ishtirokchilar texnologik jarayonlarni bevosita bajarish va favqulodda holatlarda jabrlanganlarga tez yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini tezkor xatti-harakatlari bilan ko‘rsata oldilar.

Mazkur “Mutaxassislar bellashuvi”ning final bosqichiga Farg‘ona politexnika institutining kimyo-texnologiya kafedrasi dekani, ustoz o‘qituvchilari hamda talabalari taklif qilindi. Ular jamoalarning har bir chiqishlarini olqishladilar.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, Ravshan Jo‘rayev sardor bo‘lgan guruh barcha shartlarni bajarishda boshqa hamkasblaridan faolroq va to‘plagan ballari yuqori bo‘lganligi uchun “Mutaxassislar bellashuvi”ning g‘olibi deb eʼlon qilindi.

Ikkinchi o‘rinni Ibrohimjon Obbosxonov shogirdlari bilan qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rinni esa Ziyoviddin Ahmedov guruhi egalladi. Shuningdek, Sohibjon Qosimov jamoasi aʼzolarining faol ishtirok etganliklari eʼtirof etildi.

Aytish joizki, zavod maʼmuriyati g‘olib jamoani mukofotlash uchun 25 million so‘m ajratgan. Ikkinchi o‘rin egalari 15 million so‘m bilan rag‘batlantirildi. Uchinchi o‘rin sohibi bo‘lgan jamoaga 10 million so‘m taqdim etildi. Shuningdek, faol ishtirokchi jamoa aʼzolariga 5 million so‘m topshiriladi.

 

FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш