FNQIZ hududida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan seminar-yig‘ilish va yong‘in-qutqaruv mashqlari o‘tkazildi.

O‘tgan juma kuni respublikadagi ahamiyatiga molik obyektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar SEG kompaniyasi tarkibiga kiruvchi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda FVVning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari qatnashdi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad mas’uliyatli va tasniflangan obyektlarda yong‘in xavfsizligi sohasidagi vaziyatni tahlil qilish hamda hal etilmagan muammolarning yechimini topish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat. Bundan tashqari, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat tuzilmalarining ishlab chiqarish obyektlari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish ham tadbirning mohiyatini tashkil etadi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi FVV boshqarma boshlig‘i Abduhoshim Ro‘ziyev O‘zbekiston Respublikasining o‘ta muhim toifali ob’ektlarida yong‘in xavfsizligi holatini ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘ining birinchi o`ribosari Bekzod Hikmatov potensial xavfli obyektlarda mahalliy darajada avtomatlashtirilgan ogohlantirish tizimlari mavzusiga to‘xtaldi, Markaziy apparatda bo`lim boshlig`i Ulug`bek Jo‘raboyev esa obyektlarni fuqaro muhofazasi samaradorligini oshirish mavzusiga e’tibor qaratdi.

“Davlat miqyosidagi bunday o‘quv seminarlarini zavodimizda o‘tkazish katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bilan birga, ushbu seminar va yong‘in-qutqaruv amaliy-taktik o‘quv mashg‘ulotlari orqali biz favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligimiz darajasini sinovdan o‘tkazdik. Davlat xizmatlari bilan yaqin hamkorlik qilish orqaligina bunday ishlab chiqarish tizimini barpo etishimiz mumkin, ularda birinchi o‘rinda hamisha xavfsizlik bo‘ladi, – deydi FNQIZ texnik direktori Iqbol Rahimov.

Seminar-yig‘ilish yakunida FNQIZ va shahar maxsus xizmatlarini jalb qilgan holda yong‘in-qutqaruv amaliy-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

 

 

 

FNQIZ matbuot xizmati

 

Нашр этиш