Farg‘ona NQIZda Xalqaro qiz farzand kuni munosib nishonlandi.

Joriy yilning 11-oktyabr kuni zavodda Xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy taraqqiyot bo‘limi tashabbusi bilan “Butun dunyo ibtidosi ayoldir” deb nomlangan tadbir tashkil etildi.


Xalqaro qiz farzand kuni 2012-yilda BMT tomonidan ta’sis etilgan. Ushbu bayramni xalqaro miqyosda nishonlash g‘oyasi 50 ta davlatda bolalar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Plan notijorat tashkilotiga tegishli. FNQIZ jamiyatda ayollarning tengligi va erkinligi kabi qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi kunda zavodda ayollar mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, zavodning barcha xodimlari FNQIZ ma’muriyati tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tadbirda korxonaning turli bo‘linmlarida mehnat qilayotgan 30 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi. Ular she’r o‘qish, milliy liboslarni namoyish etish hamda boshqa qiziqarli tanlovlar orqali o‘z mahorat va qobiliyatlarini namoyon etishdi.

"Avvalo, barcha qizlar va ayollarni ushbu bayram bilan tabriklayman. Bugungi bayram zavodimizda ilk bor o‘tkazildi, bundan korxonamiz ayollari juda xursand. Zavodda ayollar va erkaklar o‘rtasida mehnatni adolatli taqsimlash yondashuvi amal qiladi. Ayni paytda FNQIZda 1500 ga yaqin ayol faoliyat ko‘rsatmoqda. Zavod rahbariyati xotin-qizlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab keladi", – dedi bo‘lim boshlig‘i Otabek Fozilov.

Tadbir so‘ngida e’tirofga sazovor bo‘lgan xodimalarga ma’muriyati tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

FNQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш