FNQIZ korxona temiryo‘lchilarining malakasini oshirmoqda

Malaka oshirish kurslarida zavodning 40 nafar xodimi qatnashdi. O‘quv kurslarining asosiy maqsadi FNQIZ temiryo‘lchilarining kasbiy malakasini shakllantirishdan iborat.

FNQIZda 12-sonli sex temir yo‘l transporti xodimlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida “Temir yo‘llarga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi” bilan hamkorlikda o‘quv kurslari tashkil etildi.

Kurslar teplovoz mashinistlari va mashinist yordamchilari uchun 144 soat, poyezd konstruktorlari, signalchilar, tashish jarayoni uzluksizligini, harakat xavfsizligini ta’minlash va avariya-tiklash ishlarini bajarish bo‘yicha yo‘l monterlari uchun esa 72 soat davomida o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

FNQIZda soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.

“Ushbu o‘quv kurslari xodimlarning bilim va kasb mahoratini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xodimlar tashkil etilgan o‘quv kursida kerakli bilimlarni olishmoqda, – deydi kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Nasiba Shodmonova.

“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ixtiyorida temir yo‘l transporti hamda tarkibiy bo‘linma mavjud. Temir yo‘lning asosiy faoliyati, turli neft mahsulotlarini tashish jarayonini bevosita ta’minlashga qaratilgan. Yo‘llarning uzunligi 25 kilometrni tashkil qiladi. Yuk tushirish joyida 48 vagon, yuklash joyida 12-24 vagon bor. FNQIZ o‘zining teplovoziga ham ega.

Yuklar jo‘natuvchi tomonidan tashish uchun tayyor holatga keltirilishi kerak, bu esa harakat xavfsizligi va yukning beshikast yetkazilishini ta’minlab beradi.

 

FNQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш