O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik bayrami arafasida FNQIZda davolash-diagnostika markazi ish boshladi.

 “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi arafasida zavodimiz tarixidagi yana bir unutilmas voqea sodir bo‘ldi.

FNQIZ huzuridagi Davolash-diagnostika markazining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Farg‘ona shahar hokimi Nazarov Vosiljon Shuhratovich, sektor rahbari – Farg‘ona shahar prokurori Dilmurod Qobulovich Qobulov, Farg‘ona shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Shokirov Muxiddin Gʻulomovich, “Beruniy” mahalla qo‘mitasi ma’muriyati, FNQIZ faxriylari hamda zavod jamoasi ishtirok etdi.

2022-yil 31-avgustdan boshlab FNQIZ qoshida Farg‘ona shahri Qirguli mavzesida joylashgan Diagnostika va davolash markazi (DDM) o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur ijtimoiy loyiha zavod rahbariyati tashabbusi bilan korxona xodimlari va ularning oila a’zolariga malakali shifokorlarning tibbiy-profilaktika yordamini ko‘rsatish maqsadida amalga oshirildi. DDMda bir qator laboratoriyalar, diagnostika, fizioterapiya, davolash xonalari, shuningdek, 20 ta o‘ringa mo‘ljallangan “statsionar” mavjud bo‘lib, u yerda bemorlar klinik va laboratoriya tadqiqotlari hamda davolash kurslarini o‘tashlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, zavod xodimlari davolash-diagnostika markazida har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi – kun davomida 150 nafargacha xodim statsionar va ambulatoriya sharoitida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin.

Malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun umumiy amaliyot shifokori, kardiolog, nevropatolog, jarroh, oftalmolog, rentgenolog, otorinolaringolog, laborant kabi 28 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

“Xodimlar va mehnat faxriylari salomatligini muhofaza qilish maqsadida mazkur Davolash-diagnostika markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bu hamkasblarimizga sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun katta imkoniyatlar eshiklarini ochadi. Fursatdan foydalanib, hamkasblar, faxriylar, soha xodimlari va barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31-yillik tantanasi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ishontirib aytamanki, jamoamiz barcha sa’y-harakatlarni mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish hamda sohamiz samaradorligini oshirishga yo‘naltiradi, – deydi zavod direktori Habib Latipov.    

 

FNQIZ matbuot хizmati.  


Нашр этиш