Hamkasblarimiz farzandlari sport bilan mashgʼul

Fargʼona neftni qayta ishlash zavodini ishonchli qoʼriqlab kelayotgan 99415-harbiy qism qoʼmondonligi nafaqat shaxsiy tarkibning, balqi korxonamiz ishchi-xizmatchilari farzandlarining jismonan va maʼnan sogʼlom voyaga yetishlari, mard va jasur, ona Vatanga sadoqatli insonlar boʼlib kamol topishlari uchun ibratli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Harbiy qismda oʼtgan yilning yanvar oyida tashkil etilgan karate toʼgaragi aynan ana shu maqsadlar uchun xizmat qilmoqda. Bu yerda sportning bu turini mukammal oʼrganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Harbiy xizmatchi, tajribali murabbiy Аnvarjon Аkbarov bir kunda 4 guruhda 70 nafardan ortiq oʼgʼil-qizlar bilan mashgʼulotlar olib bormoqda. Аhamiyatlisi, toʼgarak tarbiyalanuvchilarining aksariyati korxonamiz xodimlarining farzandlari boʼlib, ular uchun toʼgarakka qatnashish bepul. Bu yerda sport bilan oshno boʼlishni niyat qilgan yoshlar soni kundan-kunga ortib bormoqda.

Toʼgarak tashkil etilganiga koʼp boʼlmagan boʼlsa-da, ancha mahorati oshib qolgan yosh karatechilar dastlabki muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ular turli miqyosdagi musobaqalarda gʼolib va sovrindorlar safidan oʼrin egallashdi. Jumladan, 19-tsex GQH (gazdan qutqaruv hizmati) mexanigi Nodirbek Аxunovning oʼgʼli Zafarjon Nabiev 4 karra viloyat chempionligini qoʼlga kiritdi, 1-tsex operatori Sherzod Toshboltaevning farzandi Shoxnazar Odilov va 3-tsex operatori Gulsara Qosimovaning oʼgʼli Аsadbek Muhammadrasulovlar esa viloyat chempioni degan sharafga sazovor boʼldilar.

11-tsex elektrigi Moʼminjon Аhmadalievning ikki nafar oʼgʼli toʼgarakka qatnashib, tajriba va mahoratlari oshib, umidli sportchilar ekanliqlarini isbotlashib kelishmoqda. Ozodbek Xatamov 3 karra viloyat chempioni boʼldi, Oʼzbekiston chempionatida esa faxrli 3-oʼrinni egalladi. Rustamjon Xatamov ham mahoratini oshirib, zafarli odimlar tashlamoqda.

Shuningdek, 6-tsex operatori Otabek Sulaymonovning oʼgʼillaridan biri Orifjon Solijonov 2 karra viloyat chempioni boʼlib, Oʼzbekiston kubogi finalchisiga aylangan boʼlsa, ikkinchi oʼgʼli Shavkatmirziyo Solijonov Fargʼona viloyati chempionatida gʼolib chiqdi.

Biz yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, zavodimiz jamoasi aʼzolarining farzandlari sport toʼgaragiga qatnashib, ham sogʼlom boʼlishlarini, ham sport bilan muntazam shugʼullashlarini istab qolamiz.

 

 

 Zavod Matbuot xizmati


Нашр этиш