Oʼzaro xamkorlikning yangi qirralari.

Joriy yilning 16-noyabr kuni FNQIZ tomonidan amalga oshirilgan obʼektlarning rekonstruksiyasi qilish natijalari bilan tanishish maqsadida zavod direktori H.Latipov korxona ichki perimetrini qoʼriqlayotgan Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi TOQQQning (toifalangan obʼektlarni qoʼriqlash qoshinlari qomondonligi) harbiy qismiga tashrif buyurdi.

Zavod direktori harbiylar hayoti bilan tanishish chogʼida zamonaviy talablar asosida jihozlangan shinam yotoqxona, maʼnaviyat va maʼrifat xonasi, dam olish maskani, issiqxona, oshxona va xarbiy qism moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi.

Harbiy qism komandiri podpolkovnik O.Barakaev va ofitserlar bilan boʼlib oʼtgan suhbatda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari, harbiy xizmatchilarni qoʼllab-quvvatlash borasidagi davlat siyosati samarasi taʼkidlab oʼtilib, oʼzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shu kuni FNQIZ ishchilaridan tuzilgan futbol jamoasi va harbiy qism xizmatchilari oʼrtasida futbol boʼyicha oʼrtoqlik uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan kurashda neftchilar 3:0 hisobida gʼalaba qozondilar.

Oʼrtoqlik uchrashuvidan soʼng harbiy qism komandiri O.Barakaev zavod direktori H.Latipovga harbiy qism komandiri nomidan tashakkurnomani tantanali ravishda topshirdi.

Tashrif yakunlari boʼyicha tomonlar oʼzaro hamkorlikni nafaqat shartnomaviy kelishuvlar doirasida, balki keng qirrali davom ettirishga kelishib oldilar.

 

FNQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш