
Yoshlar haftaligi doirasida Farg‘ona NQIZda tashkil etilgan tadbirlar yoshlarning nafaqat jismoniy, balki intellektual va ma'naviy salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydonga aylandi.
Haftalikning ilk kunlaridan boshlab korxona yoshlari turli yo‘nalishlarda o‘z kuch va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. 23 iyun kuni o‘tkazilgan sport estafeta musobaqasi ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi. O‘nga yaqin sex jamoalari ishtirok etgan bellashuvlarda yoshlar 100 metrga yugurish, arqon tortish, qo‘lda tirish, turnikda tortilish va nishonga aniq mo‘ljal olish kabi shartlarda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Musobaqa davomida jamoaviy hamjihatlik, matonat va g‘alabaga intilish ruhi yaqqol sezildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 19-sex jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

24 iyun kuni esa bilim va tafakkur maydonida qizg‘in bahslar kechdi. "Zakovat" intellektual o‘yinida o‘ndan ortiq sex jamoalari ishtirok etib, mantiqiy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish va jamoaviy hamkorlik borasidagi salohiyatlarini namoyon etdilar. Farg‘ona viloyati "Zakovat" intellektual klubi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan musobaqa yuqori saviyada o‘tdi. Ikki turdan iborat o‘yinda jami 24 ta savol berildi. Ularning 20 tasiga to‘g‘ri javob bergan 12-sex jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Yoshlar haftaligining navbatdagi kuni esa ma'naviy-ma'rifiy ruhda davom etdi. 25 iyun kuni korxonaga Toshloq tumanidagi "Abu Hanifa" masjidi imom-xatibi Shukurolloh domla Egamberdiev tashrif buyurdi. Mehmonni zavod ma'muriyati va kasaba uyushmasi vakillari samimiy kutib oldilar.
Uchrashuv davomida Shukurolloh domla yoshlar va korxona xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, hayotiy tajribalar, odob-axloq, halollik va mas'uliyat mavzularida qimmatli tavsiyalar berdilar. Ayniqsa, yoshlarni turli salbiy illatlardan yiroq bo‘lishga, o‘z ustida ishlashga va jamiyat uchun manfaatli inson bo‘lib kamol topishga chaqirdilar. Suhbat yakunida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

"Yoshlar - korxonamizning bugungi tayanchi va ertangi taraqqiyotining asosidir. Ularning bilimga intilishi, tashabbuskorligi va o‘z ishiga sadoqati Farg‘ona NQIZ rivojining muhim omillaridan biridir. Biz yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishi hamda ularning kelajakda yetuk mutaxassis va lider bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishda davom etamiz", - dedi Farg‘ona NQIZ direktori Iqboljon Rahimov.
Shu tariqa, Farg‘ona NQIZda o‘tayotgan Yoshlar haftaligi sport, intellekt va ma'naviyatni uyg‘unlashtirgan holda davom etmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarning jamoaviy ruhini mustahkamlash, bilim va salohiyatini rivojlantirish, eng muhimi esa ularni ezgu maqsadlar sari ruhlantirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati
