Farg‘ona NQIZ Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

Farg‘ona NQIZ Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasida zamonaviy ekologik texnologiyalari bilan ishtirok etmoqda.

2026-yil 2–4 iyun kunlari Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” majmuasida bo‘lib o‘tayotgan Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasi ekologiya, “yashil” energetika va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi yirik xalqaro platformalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Tadbirda 30 dan ortiq davlat vakillari, xalqaro tashkilotlar, investitsion kompaniyalar hamda sanoat korxonalari ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida energiya samaradorligi, suv resurslarini boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash va sanoat ekologiyasi yo‘nalishida zamonaviy innovatsion yechimlar taqdim etilmoqda.

Farg‘ona viloyati pavilyoni tarkibida bir nechta korxonalar qatorida Farg‘ona NQIZ ham o‘zining ekspozitsiya maydonida oqova suvlarni zamonaviy ko‘p bosqichli tozalash texnologiyalariga asoslangan ilg‘or uskunalarini namoyish etmoqda. Ushbu texnologiyalar ishlab chiqarish jarayonida suvdan qayta foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma doirasida korxonaning ekologik ishlanmalari xalqaro mutaxassislar va hamkorlar tomonidan yuqori qiziqish bilan kutib olinmoqda.

“Bugungi kunda ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish sanoat korxonalari faoliyatining eng muhim strategik yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Farg‘ona NQIZda joriy etilgan zamonaviy oqova suvlarni tozalash texnologiyalari ishlab chiqarish jarayonini ekologik jihatdan barqaror qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda sanoat ekologiyasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda”, - deydi Farg‘ona NQIZ Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi rahbari Hayotjon Nishonov.

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш