Zamonaviy neftni qayta ishlash korxonasi murakkab ishlab chiqarish majmuasi bo‘lib, u yerda motor va energetik yoqilg‘ilar, moylash materiallari hamda boshqa turdagi qimmatbaho neft mahsulotlarini olish uchun xom neft qayta ishlanadi. Jarayonlarning ko‘p bosqichliligi va barcha ishlab chiqarish bosqichlarining bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi uni me’yordan hatto ozgina chetga chiqishga ham ta’sirchan qilib qo‘yadi, bu esa ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatiga ta’sir qilishi mumkin.
Farg‘ona NQIZni modernizatsiya qilish doirasida yangi markazlashtirilgan laboratoriya qurish muhim loyihalardan biri hisoblanadi. U zamonaviy standartlar va talablarga javob beradigan bo‘ladi, bu esa o‘tkaziladigan sinovlarning aniqligi va tezkorligini sezilarli darajada oshiradi.
Mavjud va yangi laboratoriya o‘rtasidagi farqlar
Yevro 5 sinfiga oid va API bo‘yicha yangi turdagi neft mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish negizida tahliliy nazorat sohasida ham zamonaviy standartlarni joriy etishga intiladigan bo‘lsak, eski laboratoriya sinovlar hajmi va turi bo‘yicha cheklangan imkoniyatlarga ega. Uning uskunalari zarur tahlil va tadqiqotlarning to‘liq spektrini o‘tkazish imkonini bermaydi. Yangi laboratoriya eskisidan farqli o‘laroq, Shimadzu, Mettler Toledo, Koehler Instrument Company, Cannon Instrument Company va boshqa yetakchi ishlab chiqaruvchilarning 90 dan ortiq zamonaviy tahliliy va sinov uskunalari bilan jihozlanadi.
Yangi laboratoriyaning asosiy xususiyatlari
Maydoni 12 096 m2 va o‘lchamlari 240 x 504 m bo‘lgan yangi uch qavatli bino 180 ish o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib, undan quyidagilar o‘rin oladi:
- Texnik nazorat laboratoriyasi (TNL) – ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida uglevodorodlarni tahliliy nazorat qilish, shu jumladan, xomashyo, oraliq va tayyor mahsulot sifatini nazorat qilish uchun.
- NO‘A va A metrologiya laboratoriyasi – nazorat-o‘lchov asboblarini metrologik tekshirish va ta’mirlash uchun.
- Elektr uskunalarni sinash laboratoriyasi - kirish nazorati va sinovlar.
Laboratoriyaning ishonchli ishlashini ta’minlash uchun avtonom energiya ta’minoti va iqlim nazorati tizimlari, shuningdek, kislorod, argon, geliy, propan, atsetilen va azot kabi gazlarni maxsus uzatish tizimlari ko‘zda tutiladi.
Laboratoriyaning asosiy vazifasi
Ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida mahsulot sifatini nazorat qilish yangi laboratoriyaning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. FNQIZni modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish doirasida o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan barcha turdagi neft mahsulotlari sinovdan o‘tkaziladi. Bu mahsulot sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, tahlil o‘tkazish vaqtini optimallashtirish hamda oraliq va yakuniy mahsulot sifatini me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholashda aniqlikni oshirish imkonini beradi.
Taraqqiyot va istiqbollar
Ayni paytda loyihalash ishlari 95 foizga, uskunalar yetkazib berish 39 foizga, qurilish-montaj ishlari esa 31 foizga bajarildi. Bosh pudratchi "Enter Engineering" kompaniyasi bo‘lib, loyihalashtirish "UZLITI Engineering" mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Uni 2025-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
"Yangi laboratoriyaning qurilishi zavodni modernizatsiya qilishning muhim elementi bo‘lib, nazorat va tahliliy imkoniyatlarning yangi darajasini ta’minlab beradi. Bu mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshiradi va iste’mol bozorining qat’iy talablariga rioya qilish uchun sharoit yaratadi", — ta’kidladi direktorning modernizatsiya va rekonstruksiya bo‘yicha o‘rinbosari Iqboljon Rahimov.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati