Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida fuqaro muhofazasi bo‘yicha taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi

2024-yil 18-oktyabr kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarda harakatlarni puxtalashga qaratilgan keng ko‘lamli maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – korxona rahbariyati va fuqaro mudofaasi tuzilmalarining yong‘in, portlash, texnologik avariyalar va boshqa ehtimoliy xavfli obyektlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor harakat qilishga tayyorligini tekshirishdan iborat.

Mashqlar ssenariysi va bosqichlari

Mashg‘ulotlar tayyorgarlik mashqlaridan boshlandi, unda zavod rahbariyati, fuqaro mudofaasi tuzilmalari, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda boshqa tegishli xizmatlarni o‘z vaqtida xabardor qilish tizimi mustaxkamlandi. Ikkinchi bosqichda ishtirok etuvchi bo‘linmalarning shaxsiy tarkibini safdan o‘tkazish ko‘zdan kechirildi.

Mashg‘ulotlarning muhim qismi zavod hududiga kirib kelgan shartli jinoyatchilarni qo‘lga olish operatsiyasini o‘tkazish bo‘ldi. Ushbu operatsiyada 99415-sonli harbiy qism kuchlari ishtirok etib, harakatlar izchilligi va tezkorligini ko‘rsatdi.

Keyingi bosqichlarda shartli zilzila oqibatida neft koksini kuydirish qurilmasida yuz bergan radiatsiyaviy avariyalarni bartaraf etish hamda 320-sonli rezervuardagi yong‘inni o‘chirish ssenariylari ishlab chiqildi. Ishlar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va zavodning tegishli xizmatlari bilan hamkorlikda olib borildi. O‘quv mashg‘ulotlariga jami 185 nafar xodim va 40 ta maxsus texnika jalb etildi.

Farg‘ona NQIZ safarbarlik ishlari va fuqaro muhofazasi bo‘yicha bo‘lim rahbari Dilshodjon Usmonov bunday tadbirlarni o‘tkazish muhimligini ta’kidladi:

"Korxonamizda xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya qilishni talab qiladigan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bunday mashg‘ulotlar nafaqat xodimlarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorligini tekshirish, balki barcha jalb qilingan xizmatlarning o‘zaro hamkorlik ko‘nikmalarini oshirish imkonini beradi. Ayniqsa, har bir kishi o‘z rolini bilishi va favqulodda vaziyatda tezkorlik bilan harakat qila olishi muhimdir. Bugungi mashg‘ulotlar xodimlarimizning yuqori darajada harakat qilishga tayyorligini ko‘rsatdi".

Taktik o‘quv mashg‘ulotlarida 14 ta bo‘linma, jumladan, gaz qutqaruvchilari, yong‘in xavfsizligi guruhi, radiatsiya hamda kimyoviy nazorat guruhlari, favqulodda vaziyatlar xizmatlari, favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar boshqarmalarining tezkor guruhlari ishtirok etdi.

Tadbir yakunida barcha xizmat va bo‘linmalarning harakatlari qoniqarli deb topildi, bu esa zavodning favqulodda vaziyatlar sharoitlarida harakat qilishga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rganligini tasdiqlaydi.

 

Farg‘ona NQIZ Matbuot xizmati

 


Нашр этиш