FNQIZ tayyor mahsulotlarni saqlash texnologiyalarini modernizatsiya qilishni davom ettirmoqda

Yangi rezervuarlar avvalgi modellardan tubdan farq qiladi, ekologik va sanoat xavfsizligi hamda samaradorlik borasida eng so‘nggi talablarga javob beradi.

Xususan, yangi rezervuarlar neft mahsulotlarining bug‘lanish natijasida yo‘qotilishini kamaytirishga mo‘ljallangan maxsus pontonlar, shuningdek, saqlanadigan mahsulotlarni texnologik va tijorat hisobini yuritish uchun ilg‘or o‘lchov vositalari bilan jihozlangan. Ular xomashyoning qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotilishini 2 foizga qisqartiradi, bu esa sotiladigan mahsulot tannarxidan kelib chiqqanda qariyb 1 million AQSh dollariga teng.


Metrologik hisob-kitoblarni yaxshiroq amalga oshirish, ishlab chiqarishni nazorat qilish, inventarizatsiya qilish hamda rezervuarlarni toshib ketish xavfidan holi qolgan holda to‘ldirish uchun Shveysariyaning EndresShauser kompaniyasining TankRadar Rex o‘lchash tizimi qo‘llaniladi. Bunda barcha muhim ko‘rsatkichlar real vaqt rejimida ko‘rsatiladi va avtomatik ravishda ma’lumotlar bazasida saqlanadi.


“FNQIZni modernizatsiya qilish dasturi eski turdagi rezervuarlarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarishni nazarda tutadi. Kelgusi oylarda 325 ta rezervuardan 116 tasini optimallashtirib, ularni yangi namunalar bilan almashtiramiz. 36 ta yangi rezervuarni o‘rnatish rejada bor. Hozirda zavodga har biri 2000 m3 dan 5 ta, har biri 3000 m3 dan 5 tadan, 10 000 m3 lik 2 tadan rezervuar yetkazib berildi, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda”, – deydi zavod direktorining modernizatsiya va istiqbolli rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Abdusalom Abdumanoniy. Bundan tashqari, yangi rezervuarlardan foydalanishga o‘tish natijasida atmosferaga uglevodorod gazlari chiqindilarini tashlash ko‘rsatkichlari kamaytiriladi: kuz-qish davrida yiliga 800 tonnagacha, bahor-yoz oylarida esa 2200 tonnagacha.

FNQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш