“Farg‘ona NQIZ” MChJ xodimlarining ish haqi oshirildi

Ma’lumki, motivatsiya tizimi korxonalarga o‘z maqsadlariga kerakli vaqtda erishish va daromadlarni oshirishga yordam beradi. Shu bilan birga, tizimni ham korxona, ham xodimlar manfaatlarini ko‘zlab ishlashini tashkil etish muhim hisoblanadi.

Eng zo‘r mahsulotni topish, yirik kompaniyani barpo etish, biznes jarayonlarini mukammal darajada yo‘lga qo‘yish mumkin, ammo bularning barchasi yetarli emas. Agar xodimlar mahsulot va biznes qiymatini tushunmasa, ularning mehnati qadrlanishini his qilmasa, hammasi bekor.


Shu sababli har bir korxona o‘z imkoniyatlari va moliyaviy ahvolidan kelib chiqqan holda mehnat sharoitlari va mehnatga haq to‘lashni yaxshilashga harakat qiladi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi “SANOAT ENЕRGETIKA GURUHI” MChJ ishonchli boshqaruviga o‘tkazilgan paytdan boshlab, ya’ni 2020-yil boshidan beri korxonaning texnologik bo‘linmalarini modernizatsiya qilish, shuningdek, boshqaruv va mehnatni tashkil etishning samarali usullarini joriy etish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, yuqorida ko‘rsatilgan davrda quyidagi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi:
- ixtisoslashtirilgan tashkilot kuchlari tomonidan ish joylari mehnat sharoitlarining yaratilgani hamda uskunalarning shikastlash xavfi yo‘qligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazildi;
- mutaxassislar kasbiy muvofiqligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazildi, buning natijasida ko‘plab mutaxassislar yuqori lavozimlarga o‘tkazildi;
- o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida bir-birini takrorlaydigan jarayonlar va lavozimlar (kasblar) bo‘lgan sexlar birlashtirildi, natijada yangi talabgir bo‘sh ish o‘rinlari tashkil etildi.
Shu bilan birga, mavjud qiyinchiliklarga qaramay, rag‘batlantirish tizimi moddiy va nomoddiy usullarni birlashtirgandagina imkon qadar samarali bo‘lishini anglagan holda, xodimlarni rag‘batlantirish va motivatsiya berish bo‘yicha ishlar olib borildi:
- xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ish sifatini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish, korxona xodimlari tomonidan bajarilgan ish natijalari uchun mas’uliyatni oshirish maqsadida yakuniy natijalar uchun qo‘shimcha to‘lovlar to‘g‘risidagi nizom joriy etildi. Unga ko‘ra har oy yakuni bo‘yicha yo‘nalishlarga qarab o‘zini ko‘rsatgan xodimlar asosiy ish haqiga qo‘shimcha ravishda 5 foizdan 40 foizgacha ish haqi olish imkoniyatiga ega;
- korxona yo‘nalishaidan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish, yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi kadrlarning shtat razryadlari muvofiqlashtirildi, natijalarga ko‘ra 200 dan ortiq shtat birliklari razryadlari oshirildi;
– xodimlar o‘z oila a’zolari bilan birgalikda malakali tibbiy yordam olishlari mumkin bo‘lgan poliklinika foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida zavod rahbariyati xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy hayotini yaxshilash maqsadida 2023-yil 1-yanvardan boshlab xodimlarning ish haqini 25% ga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingani quvonarli holdir.

“Xodimlarga motivatsiya berish korxona tomonidan xodimlarni yanada samarali ishlashga undaydigan moddiy va nomoddiy rag‘batlantirishdir. Motivatsiya tizimining asosiy maqsadi zavodimizni rivojlantirish va uni xalqaro darajaga olib chiqishdan iborat. Motivlangan xodimlar yaxshi ishlaydi: ular topshiriqlarni o‘z vaqtida yoki hatto muddatidan oldin bajaradilar, ko‘proq xajmdagi ishni uddalaydilar, topshiriqlarni yaxshiroq bajaradilar", – deydi kadrlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Boltaboyeva Feruza G‘ulomovna.

 

FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш