Xodimlar uchun dastlabki bepul tibbiy maslahat va chegirmalar: Farg‘ona NQIZ qoshida davolash-diagnostika poliklinikasi ish boshladi

Farg‘ona va unga yaqin aholi punktlari aholisi endi Farg‘ona NQIZning yangi davolash-diagnostika poliklinikasida malakali shifokorlar yordamini olishlari mumkin.

Tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tgan yil oxirida berilgan edi.

Poliklinikaning kunlik sig‘imi 200 nafarga yaqin bemorni tashkil etadi. Marg‘ilon ko‘chasi 50-uy manzilida joylashgan binoda tahlillarni topshirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va fizioterapiya muolajalarini olish mumkin: xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari jami 20 dan ortiq. Zavod xodimlari, shuningdek, nafaqadagi mehnat faxriylari uchun dastlabki qabul bepul, takroriy tashriflar uchun 50% chegirma mavjud. Imtiyozlar nogironlar va urush faxriylari uchun ham taqdim etiladi.

“Bugungi kunda zavodimiz poliklinikasida nevropatolog, oftalmolog, terapevt, jarroh, stomatolog, pediatr kabi 16 nafar malakali shifokor mehnat qilmoqda. Tibbiyot xodimlarining yarmi eng yuqori malaka toifasiga ega. Shuningdek, poliklinikaning to‘rtinchi qavatida 20 o‘rinli statsionar davolanish joyi tashkil etilgan” – deydi poliklinika bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi G‘ayrat Ortiqaliyev.

Sog‘lig‘i sababli poliklinikaga mustaqil ravishda tashrif buyura olmaydigan bemorlar shoshilinch tibbiy yordam xizmati va uy sharoitida tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega.

"Xodimlar va aholi salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish ijtimoiy yo‘naltirilgan biznesning asosiy yo‘nalishi bo‘lib, bizning kompaniyamiz ham bundan mustasno emas. Poliklinika zavod mehmonxona hududining bir qismi rekonstruksiya qilinganidan so‘ng foydalanishga topshirildi, – deydi Farg‘ona NQIZ direktorining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bekzod Mo‘minov. – Yaqin vaqt ichida xodimlar uchun elektron navbat tizimi, shuningdek, SAP tizimi yordamida tibbiy xizmatlar uchun bo‘lg‘usi ish haqi hisobidan naqdsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati joriy etiladi”.

 

FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш