Energetika vazirligi: Yaxshiroq ekologiya uchun innovatsiyalar.

Farg'ona neftni qayta ishlash zavodida neftni qayta ishlash jarayonida atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtirish maqsadida neft shlamini mexanik ravishda qayta ishlashning zamonaviy yuqori samarali texnologiyasi qo'llaniladi.

Shu maqsadda olti oy davomida Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro injiniring kompaniyalari mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar olib borildi.

Neft shlami bilan bog'liq qanday muammo mavjud? Bu chiqindi turi bo'lib, neft sanoatida atmosfera ifloslanishiga asosiy ta'sir etuvchi omillardan biridir.

Bunday neft shlamni yo'q qilish bo'yicha ko'pgina loyihalar ayrim sabablarga ko'ra kutilgan samarani bermaydi. Ular orasida: noto'g'ri tanlangan uskunalar va kimyoviy moddalar (demulsifikatorlar, flokulyantlar), qayta ishlanadigan chiqindilarning xolati va boshqalar haqida bilimning etarli emasligidir.

Ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgandan so'ng Farg'ona neftni qayta ishlash zavodida amaliyotda qo'llash uchun trikanter sentrifuga asosida neft shlamini mexanik ravishda ajratishning innovatsion usuli tanlandi.

Ushbu texnologiya neft shlamini tijorat sifatli neft, suv va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan qattiq fazaga ajratish orqali yo'q qilish (utilizatsiya) imkonini beradi. Shunday qilib, atrof-muhitga salbiy ta'sirni minimallashtirish natijasiga erishiladi.

Ayni paytda Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi “Hebei GN Solids Control Co., Ltd” (XXR) kompaniyasi bilan turli xil neft shlami kompozitsiyalarini qayta ishlash tizimining mobil versiyasini to'liq ishlab chiqarish va yetkazib berish bo'yicha shartnoma imzoladi. Ushbu texnologiyani joriy etishning umumiy qiymati taxminan 800 ming AQSh dollarini tashkil qiladi.

Muhimi, ushbu tizimning quvvati nafaqat Farg'ona neftni qayta ishlash zavodida hosil bo'lgan neft shlamini, balki Respublikamizning zarur bo'lgan istalgan korxonalarida xosil bo'ladigan neft shlamlarini ham qayta ishlash imkonini beradi.

“Atrof-muhitni muhofaza qilish bugungi va kelajak avlodlar oldidagi insoniy burchimizdir”, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil

21 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida so'zlagan nutqida.

Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi esa mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlarga o'z hissasini qo'shishga harakat qilmoqda.

 

Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi Matbuot xizmati

 


Нашр этиш