Farg‘ona NQIZ mamlakatni qimmatli aviatsiya yoqilg‘isi bilan ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda

Avgust oyida zavodda aviakerosin ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshirildi. Rejaga ko‘ra 7,8 ming tonna ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 11,2 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarildi. Bu belgilangan rejaning 143,6 foizga bajarilganini anglatadi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning yanvar–iyul oylarida korxonada jami 15,8 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarilgan. Shu tariqa, avgust oyida aviakerosin ishlab chiqarishning o‘rtacha oylik hajmi besh baravarga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida sintetik GTL kerosinidan foydalangan holda JET A-1 rusumli aviakerosin ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot hamda kvalifikatsion sinovlar yakunlangan. Korxona ushbu mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlarni ham olgan.

Erishilgan ishlab chiqarish natijalarini inobatga olgan holda, korxonaning aviakerosin ishlab chiqarish bo‘yicha yillik asosiy maqsadli ko‘rsatkichi 74,0 ming tonnadan 85,6 ming tonnagacha oshirildi. Bu dastlabki reja ko‘rsatkichidan 11,6 ming tonna yoki 15,7 foizga ko‘pdir.

Ishlab chiqarish hajmining oshirilishi hisobiga mahsulot realizatsiyasidan olinishi kutilayotgan qo‘shimcha daromad 164 milliard so‘mni tashkil etishi baholanmoqda.

Erishilgan natijalar zavod tomonidan neftni qayta ishlash chuqurligini oshirish va yuqori texnologiyali mahsulotlar turini kengaytirishga qaratilgan yo‘nalish o‘zining sezilarli iqtisodiy samarasini berayotganini ko‘rsatmoqda. Farg‘ona NQIZ JET A-1 rusumli aviakerosin ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, mahalliy neftni qayta ishlash sanoatining imkoniyatlarini mustahkamlash hamda respublikaning yoqilg‘i mustaqilligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasini kengaytirishda davom etadi.

 

Fargona NQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш