
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga tezkor va samarali munosabat bildirish hamda xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish maqsadida navbatdagi yong‘in-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, 1-sex tarkibidagi Etan-blok qurilmasida joylashgan T-3 issiqlik almashtirgichida shartli yong‘in sodir bo‘ldi. Belgilangan rejaga muvofiq barcha mas’ul xizmatlar qisqa vaqt ichida voqea joyiga yetib kelib, yong‘inni bartaraf etish hamda avariya-qutqaruv ishlarini amalga oshirdilar.
Tadbirda zavodning 2-sex xodimlari, Gazdan qutqarish otryadi, tibbiyot punkti hamda Farg‘ona NQIZ MChJ obyektlarida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in o‘chiruvchilari faol ishtirok etdilar. Mashg‘ulot davomida xizmatlarning o‘zaro hamkorligi, tezkorligi va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Mashg‘ulot yakunlariga ko‘ra, barcha xizmatlarning harakatlari belgilangan talablar asosida tashkil etilgani, shartli favqulodda vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmlari samarali ishlagani qayd etildi.
«Bunday yong‘in-taktik o‘quv mashg‘ulotlari xodimlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Eng muhimi, barcha xizmatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va muvofiqlashtirilgan harakatlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Farg‘ona NQIZda sanoat va yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda xodimlar hayoti va salomatligini muhofaza qilish doimo ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi», — dedi Farg‘ona NQIZ MChJ obyektlarida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Bahromjon Nuriev.

Farg‘ona NQIZda muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan bunday amaliy mashg‘ulotlar ishlab chiqarish obyektlarida xavfsiz mehnat muhitini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda xodimlarning kasbiy tayyorgarligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati
