Tikuvchilik kasbidan yangi avlod operatorligigacha

Farg‘ona NQIZ da o‘z mahorati bilan ilhom beradigan yuzlab ayol-qizlar mehnat qilishadi. Ulardan biri – Lyutfiye Abdullayeva, 28 yillik mehnat stajiga ega operator, uning zavoddagi yo‘li ishiga sadoqat namunasiga aylangan. Uning aniq to‘kish-quyish qurilmalari stansiyasidagi ishi yuqori diqqat va mas‘uliyatni talab qiladi. Xo‘sh, qahramonimiz ishidagi yutuqlari, yoshlarga ustozligi va oilasiga g‘amxo‘rlikni qanday qilib birdek olib boryapti? Intervyumiz shu haqda.

Lyutfiye Abdullayeva haqida qisqacha

  • Maʼlumoti: Farg‘ona yengil sanoat texnikumi bitiruvchisi.
  • Kasbiy yo‘li: Farg‘ona NQIZ da 1996-yildan ishlab kelmoqda, faoliyati davomida ko‘plab mukofot va eʼtiroflarga sazovor bo‘lgan. 2023-yil dekabr oyida “Korxonaning eng yaxshi mutaxassisi” mukofotini olgan.
  • Oilali: bir o‘g‘il va bir qizning volidasi.
  • Feʼl-atvori va qoidalari: o‘ta maʼsuliyatli va ishidagi qoidalarga so‘zsiz rioya qiladi. Murakkab vaziyatlarda irodasi va matonatini namoyon etadi.
  • Orzulari: Yevropa davlatlarining mashhur shaharlarini ko‘rib, ulardagi madaniyat va meʼmorchilik bilan tanishishni istaydi.
  • Qiziqishlari: kitobsevar, sevimli asari Kolin Makkalouning “Tikanaklar orasidagi qush” romani.

– Lutfiye Enverovna, neftni qayta ishlash sanoatidagi hayot yo‘lingiz qanday boshlanganini so‘zlab bering. Yengil sanoat sohasida ma’lumotga ega bo‘la turib, qanday qilib bunday jiddiy kasbni egallashga muvaffaq bo‘ldingiz? Sizni Farg‘ona NQIZ ga nima olib keldi?

– Barcha orzu-istaklar, hatto kelajagingizni ham belgilab beradigan niyatlar beg‘ubor bolalikda boshlanadi. Qizaloqlik davrimda styuardessalarga havas qilardim, ularning go‘zalligi va kasbi noodatiy tuyulardi. Keyin esa tikuvchilikka bo‘lgan qiziqishim boshlandi. Shu sababdan ham Farg‘ona yengil sanoat texnikumiga o‘qishga kirdim. Kechki o‘qishda tikuvchilik sirlarini egallash bilan birga bir vaqtning o‘zida tikuvchi bo‘lib ishladim.

Keyin rejalarim biroz o‘zgardi va paxta mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodiga ishga o‘tdim. Ammo 3 yildan keyin hayotimda muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi – men ona bo‘lib, shirin tashvishlar bilan band bo‘ldim.

1996-yili meni Farg‘ona NQIZ ga maishiy ishlar xodimi sifatida ishga taklif qilishdi. Uch yil davomida ushbu lavozimda ishlarkanman, atrofni diqqat bilan kuzatardim, meni baribir texnik xodimlarning mehnati qiziqtirardi. Ham qiziq, ham o‘ta masʼuliyatli. Ehtimol, aynan shu narsa men uchun hal qiluvchi on bo‘lgandir. Men bu murakkab, ammo muhim jarayonning bir qismi bo‘lishni xohlayotganimni anglab yetdim.

Ko‘p o‘tmay 22-sexga o‘tdim va tayyor mahsulotni quyish bo‘yicha operator bo‘lib ishlay boshladim. Bu bilim, amaliyot va tirishqoqlikni talab qiladigan yangi kasbni egallash uchun haqiqiy chaqiriq edi. Lekin barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, neftni qayta ishlash tarmog‘ini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishimga ishonchim komil edi.

– Shu yillar davomida qanday qimmatli tajriba orttirdingiz va yosh mutaxassislar bilan nimalarni o‘rtoqlashishni istaysiz?

– Mana shu stansiyamiz endigina tashkil etilib, yangi texnologiyalar olib kelinganda shu yerga o‘tganman. Avvaliga xuddi kosmosda ishlaganday taassurot uyg‘ongan va biroz qo‘rquv bo‘lgan. Bora-bora qo‘rquvni yengdim va ishga sho‘ng‘ib ketdim.

Operator bo‘lib ish boshlaganimda, endi to‘xtab qolish mumkin emasligini, sohada faqat oldinga odimlab borish kerakligini angladim. Uning ustiga neftni qayta ishlash sohasi oson egallanadigan yo‘nalishlardan emas. Avvaliga turli o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tdim, bajaradigan ishimni ipidan ignasigacha o‘rganishga harakat qildim. Qayerda o‘qish tashkil etiladigan bo‘lsa, yangilikka intilishdan qolmadim.

Bundan tashqari, hamkasblarim va bo‘lim boshliqlarim menga haqiqiy ustoz bo‘ldilar, meni yangi marralar sari ilhomlantirdilar. Yillar davomida oddiy operatordan turli loyihalarni amalga oshiradigan ko‘p vazifali mutaxassisga aylandim. Men Farg‘ona NQIZ zamonaviy talablarga moslashayotgani, yangi texnologiya va ish usullarini joriy etayotganining guvohi bo‘lib, u bilan qadam-baqadam o‘sdim. Bularning barchasi meni yangi yutuqlarga ilhomlantiradi.

Ish faoliyatim davomida 200 nafardan ortiq shogirdlarga tajribamni bo‘lishdim.

– Aytingchi, so‘nggi yillarda Farg‘ona NQIZ da aynan qanday o‘zgarishlarning guvohi bo‘lyapsiz? Siz yuqorida joriy etilyapti deya taʼkidlab o‘tgan yangi texnologiyalar va ish uslublari nimalardan iborat?

– Yangi qurilmalarning bunyod etilishi, zamonaviy ish uslublarining joriy qilinishi xodimlarga o‘zgacha ilhom bag‘ishlaydi va rivojlanish uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi. 2020-yilning oxiri 2021-yil boshida tashkilotimiz boshqaruvi xususiy neft-gaz kompaniyasiga o‘tganidan keyin zavod hayotida katta burilish yuz berdi. Yaʼni zavod tarixida eng katta modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari boshlandi.

Loyiha korxonaning kelajagi va istiqboliga ishonch beradi. O‘zbekiston neft-gaz sanoatida ilk bor ERP SAP tizimi joriy etildi. SAP S/4 HANA kompleks axborot tizimi aksariyat biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va korxonaning boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Modernizatsiya yakunlangach, xomashyoni qayta ishlash hajmi ikki baravar ko‘payadi va yiliga 2 million tonnadan oshadi. Shuningdek, och rangli neft mahsulotlari ishlab chiqarish 75% dan oshishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2022-yildan boshlab zavod yangi texnologiyani o‘zlashtirib, Jet A-1 rusumli aviayoqilg‘isini ishlab chiqarishni boshladi. Bularning barchasi zavodni modernizatsiya qilishning bir qismi bo‘lib, uning davomida ishni yaxshilash va samaradorlikni oshirish uchun yangi texnologiyalar joriy etiladi.

Bundan tashqari, zavodda xodimlarning mehnat va salomatligini muhofaza qilishga katta eʼtibor qaratiladi: biz zavodning o‘zida tikiladigan maxsus kiyimda ishlaymiz, shuningdek, xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilamiz.

– Neft-gaz sohasida ishlayotgan ayollar sonining ortib borishiga qanday qaraysiz? Kasbingizdagi gender tenglik haqidagi kuzatuvlaringiz bilan bo‘lishsangiz.

– Sohamizda ayollarning ishtiroki ko‘payib borayotgani, menimcha ijobiy holat. Bu nafaqat muammoni hal etishga nisbatan fikrlar va yondashuvlar xilma-xilligini taʼminlaydi, balki jamiyatdagi bu soha faqat erkaklar uchun, degan qoliplarni parchalaydi. Gender tenglikka kelsak, vaziyat ancha yaxshilanib borayotganini kuzatyapman. Bugungi kunda ko‘plab ayollar direktor o‘rinbosarligidan tortib, sex rahbarligigacha bo‘lgan lavozimlarda faoliyat yuritib, muhim qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etmoqda.

Ayollar rivojlanishda davom etishi, erkaklar bilan teng ravishda muvaffaqiyatga erishishi kerak. Bu nafaqat adolatli, balki butun mamlakat uchun foydali hamdir.

– Oila bilan ishni teng olib borishni qanday uddalaysiz? Sirlaringiz bilan bo‘lishsangiz.

– Bilasizmi, ayollar uchun o‘ta qiyin va o‘ta oson ishning o‘zi yo‘q. Ular sevimli ishida ishlash uchun hammasiga ulguradi. Men ish va ro‘zg‘or o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qilaman. Korxonamizda xotirjam ishlash uchun ro‘zg‘orni saranjom qilib kelaman, oila davrasida xotirjam vaqt o‘tkazish uchun esa ishdagi vazifalarimni mukammal bajarishga harakat qilaman. Men uchun oilam davrasida vaqt o‘tkazish cheksiz baxt. Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi uyg‘unlik muvaffaqiyat kaliti ekaniga ishonaman va bu mening shaxsiy tajribamda ko‘p bora tasdig‘ini topgan.

– Neft-gaz sohasida yo‘lini endigina boshlab kelayotgan yosh mutaxassislarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

– Qiziquvchan bo‘lish va savol berishdan qo‘rqmaslik muhimdir. Muvaffaqiyat uchun sabr-toqat va qatʼiyat kerak, chunki hamma narsa tez kelib qolmaydi. Baʼzan maqsadga erishish uchun qatʼiyat kerak bo‘ladi.

– Suhbatimiz so‘nggida nima degan bo‘lardingiz?

– Farg‘ona NQIZ da ishlayotganimdan faxrlanaman. Men uchun bu oddiy ish emas, balki butun soha va mamlakat rivojiga hissa qo‘shish imkoniyati. Zero, eng kichik o‘zgarishlar ham ishlab chiqarish jarayonlarida katta natijalarga olib kelishi mumkin.

 

 

Suhbat Nodira Haydarova tomonidan "O‘zbekiston neft va gazi" ilmiy-texnik jurnali uchun tayyorlangan

 


Нашр этиш