Omonovlar —mehnatkashlar sulolasi – korxonamiz faxri!

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida insoniy qadriyatlar, madaniyat, urf-odatlar va an’analarni asrovchi maskan, barqarorlik va taraqqiyot omili bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Aynan oila sharofati bilan mahalla tinch, jamiyat farovon, davlat mustahkam bo‘ladi.

Oilada singdiriladigan qadriyatlardan biri – bu mehnatga halol, mas’uliyatli munosabatda bo‘lish. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida uzoq yillardan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan Omonovlar oilasi mehnatsevarlik tushunchasi haqida hamma narsani biladi.

Bugun biz sizga taqdiri va hayot yo‘li zavod bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ushbu oila haqida so‘zlab bermoqchimiz. Bu o‘z ishiga fidoyilik va bor kuchini sarf etib mehnat qilish haqidagi hikoyadir. Omonovlar bilan ular yashaydigan mahalladagilar ham, butun boshli korxona ham faxrlanishi bejiz emas.


Oila boshlig‘i – o‘z faoliyatini FNQIZda birinchi bo‘lib boshlab bergan Luqmonjon ota korxonada 35 yil mehnat qilgan. Shu kungacha u bilan ishlash imkoniga ega bo‘lgan har bir kishi, jumladan, shogirdlari ham uni katta hurmat va ehtirom bilan yodga olishadi. Bugungi kunda mehnatkashlar sulolasini Luqmonjonning nabiralari hamda uning bugun bizning suhbatdoshimizga aylangan o‘g‘li Hakimjon aka davom ettirib kelmoqda.

— Hakimjon aka, ayting-chi, zavodda nima ish bilan shug‘ullanasiz? Kundalik vazifalaringiz nimalardan iborat?

– Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining transport bo‘limida ishlayotganimga bu yil 33 yil to‘ldi. Ish faoliyatim davomida “Temir tulporlar”ning ancha-munchasini jilovlashga ulgurganman! Muvaffaqiyatimning asosiy siri - ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishim. Darvoqe, uzoq yillar avtomobillarni ularga shikast yetkazmasdan, turli yo‘l harakati hodisalarisiz boshqardim. Mehnat burchimni aniq va mas’uliyat bilan bajarish – amal qiladigan hayotiy tamoyilim ana shu.

Haydovchilik qilar ekanman, ulkan zavodimizning deyarli har bir burchagida bo‘lganman. Shuning uchun ham zavod ishchilarining deyarli barchasini yaxshi bilaman, ular esa meni.

- Ishingizda siz uchun nima muhim?

– Umumiy ishga qo‘shayotgan hissam va uning ahamiyatini yaxshi tushunaman. Balki ayrimlar “rulni bursang bo‘ldi-ku”, deyishi mumkin. Ammo unday emas, xodimlarning harakatchanligi transport xodimlarining ishiga bog‘liq. Biz yirik zavod jamoasi a’zolari o‘rtasidagi bog‘lovchilarmiz.

– Zavodda turmush o‘rtog‘ingiz Muqaddas Omonova ham ishlaydi. U nima ish qiladi?

– Muqaddas 24 yildan buyon 18-sexning texnik xizmat bo‘limida ishlab kelmoqda. U o‘z ishini sidqidildan va mas’uliyat bilan bajaradi. U bilan birgalikda zavod miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlarda faol qatnashamiz. Jumladan, o‘tgan yili “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovida faxrli o‘rinlarni egalladik. Ishdagi muvaffaqiyatimiz mustahkam oilaviy rishtalar va bir-birimizga bo‘lgan hurmat-ehtiromimizga asoslanadi, deb hisoblayman. Agar oilada tinchlik hukm sursa, hamma narsa eng a’lo tarzda hal bo‘ladi. Biz bunga ishonch hosil qilganmiz. Boshqalarga ham shuni tilaymiz!

- To‘rt farzandingiz bor, ularning barchasi FNQIZda ishlaydi. Ular haqida aytib bersangiz?

- Insonning hayoti uning ishlarida va farzandlarida davom etadi. Bizning oilamizda ham shunday - barcha bolalar zavodning katta va do‘stona jamoasiga qo‘shilishgan. O‘g‘lim Xusniddin 16 yildan buyon 11-sexda haydovchi bo‘lib ishlaydi. Ikkinchi o‘g‘lim Nuriddin ham shu sexda faoliyat yuritadi. Uchinchisi – Muxriddin – zavod qoshidagi ta’mirlash-qurilish-montaj boshqarmasi bo‘yoqchisi. To‘rtinchi o‘g‘limiz Sirojiddin ham shu yerda montaj bo‘yicha chilangar bo‘lib ishlaydi.
Zavod mening qalb qo‘rig‘im. Har kuni xonadonim ahlini uydan ishga, kechki payt esa ishdan uyga olib borish men uchun alohida zavq bag‘ishlaydi, hattoki, bir muhim marosimga aylanib qolgan. Yo‘lda ko‘p suhbatlashamiz: kun qanday o‘tganini va har birimizga nimalar olib kelganini muhokama qilamiz.


– Zavodning modernizatsiya qilinishi haqida qanday fikrdasiz?


– Zavod qurilganiga 60 yildan ortiq vaqt o‘tdi va ushbu zavodda mehnat faoliyatimni boshlaganimdan beri bunday yirik o‘zgarish hamda modernizatsiya jarayoniga mana endi guvoh bo‘lyapman. Yangi uskunalar o‘rnatilmoqda, katta resurslar jalb qilinmoqda. Korxonamiz zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan yangicha ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Bu biz uchun faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. Aminmanki yangilanishlar nihoyasiga yetgach, korxonamiz nafaqat O‘zbekistonda balki O‘rta Osiyodagi neftni qayta ishlash sohasidagi yetakchilardan biri bo‘ladi.


- Agar sizga vaqtni orqaga qaytarish, boshqacharoq yashab ko‘rishni taklif qilishsa, nima qilgan bo‘lardingiz?


- O‘shanda ham aynan shu zavodda ishlashni tanlagan bo‘lardim va oilamni ham shu yerga taklif qilardim. U hayotimning bir bo‘lagi. Bizning oilamiz uchun FNQIZ kuch-qudratimiz manbai, mas’uliyatli va vijdonli mehnat esa sharaf ekanligidan mamnunman.

 

FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш