FNQIZda kimyoviy tozalangan suv va suv bug‘ini ishlab chiqarish yangi qurilmalarida qurilish-montaj ishlari yakunlandi

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida kimyoviy suv tozalash qurilmasi o‘rnatilgan bug‘ qozonxonasi qurilishi nihoyasiga yetkazilgani korxonaning keng ko‘lamli modernizatsiya qilinishida muhim qadam bo‘ldi.

Qiymati $24 mln bo‘lgan loyiha zavodning mavjud va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kimyoviy tozalangan suv va yuqori sifatli bug‘ga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, foydalanish xarajatlarini, jumladan, energiya xarajatlarini optimallashtirishga qaratilgan.

FNQIZning yangi bug‘ qozonxonasi soatiga 225 tonna issiqlik quvvatiga ega o‘rta va yuqori bosimli bug‘ ishlab chiqarishga qodir zamonaviy inshootdir. Uskunalarning asosiy yetkazib beruvchilari jahon bozorida tan olingan “Macchi” va “Texnoximreagent” kabi kompaniyalar hisoblanadi.

Batafsil loyihani ishlab chiqish “Uzliti Engineering” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi, “Enter Engineering” esa muhandislik, ta’minot va qurilish (EPC) bo‘yicha bosh pudratchi sifatida faoliyat yuritdi.

Qozonxona bug‘i - neft va gaz kondensatini birlamchi qayta ishlash qurilmalaridan tortib, turli neft mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, shu jumladan, gidrokatalitik ishlab chiqarish jarayonlarigacha -uglevodorod xomashyosini qayta ishlash va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida qo‘llaniladi.

 “O‘z bug‘imizni ishlab chiqarish operatsion xarajatlarni maqbullashtirishga imkon beradi. Bu energiya ta’minoti uchun umumiy xarajatlarning qariyb 15 foizini tejashga olib keladi, - deydi FNQIZ direktori Zafar Teshabayev. - Loyiha zavodning raqobatbardoshlilikni oshirish va ishlab chiqarish jarayonlarida barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilganini yana bir bor ta’kidlaydi".

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш