Issiqlik va xavfsizlik

Farg‘ona NQIZda maxsus kiyimlarni tikish sexi qanday ishlashini aytib beramiz.

2022-yil oktyabr oyida Saneg FNQIZ negizida yozgi va qishki ish kiyimlarini ishlab chiqarish uchun tikuv sexini ishga tushirdi. Bugungi kunda sex yuqori samaradorlikni namoyish etib, ishchilarni qulaylik va xavfsizlik bilan ta’minlamoqda.

Maxsus jihozlangan binoda tikuvchilar, to‘quvchilar, bichuvchilar – jami 30 dan ortiq tajribali mutaxassislar ishlamoqda. Maxsus kiyimlarni tikish uchun kompaniya tikuv uskunalari ishlab chiqarishda jahon yetakchisi bo‘lgan JACK brendidan 48 ta tikuv mashinasini xarid qildi.

“Neft-gaz sanoati turli xil ish sharoitlari, jumladan, yuqori haroratlar, kimyoviy ta’sirlar, og‘ir ob-havo sharoiti va boshqa ehtimoliy xavf-xatarlar bilan ajralib turadi, — dedi Saneg ta’mirlash ishlari bo‘yicha direktori Nazri Nazriyev. – Seximizda ishlab chiqarilgan maxsus kiyimlar ushbu xavf-xatarlardan ishonchli himoya qilib, ishchilarga xavfsiz mehnat sharoitida o‘z kasbiy vazifalarini bajarish imkonini beradi”.

Ilgari maxsus kiyimlar tashqaridan buyurtma qilingan, ammo o‘z ishlab chiqarishimizni rivojlantirish natijasida korxona nafaqat ish kiyimlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, balki mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga ham ko‘maklashmoqda.

Tikuvchilik sexi boshlig‘i Solixon Abdalimovning ta’kidlashicha, amalga oshirilgan ishlar samarasida yuqori sifat standartlariga javob beradigan, funsional dizayni bilan ajralib turadigan maxsus kiyimlar ishlab chiqarildi.

“Maxsus kiyimlarni yaratishga yondashuvimizning o‘ziga xosligi shundaki, mahsulotlar dizayni ishchi xodimlarning xohish va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan, – deydi Solixon Abdalimov. - Maxsus kiyimlar sanoatida ham tendensiyalar va moda yo‘nalishlari mavjud, shuning uchun dizaynlar har yili funksionallik va qulaylikni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi”.

Sexda bugungi kunga qadar muhandis-texnik xodimlar va ishchilar uchun 5,5 mingdan ortiq ixtisoslashtirilgan kiyim-kechak ishlab chiqarildi. Shuningdek, 3,7 ming dona qishki kurtkalar ishlab chiqarildi.

“Men uchun to‘quvchilik ish jarayonining eng sevimli yo‘nalishi, – deydi tikuvchi Mavlyuda Umurzoqova. - Biz zamonaviy RICOMA tikish uskunalari bilan ishlaymiz, detallarning xilma-xilligi ko‘plab operatsiyalarni bajarishga imkon beradi, bu esa unumdorlikni oshiradi va vaqtni tejaydi”.

Ta’kidlash joizki, Saneg kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan tikuvchilik sexi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi  negizida 2007-yilda tashkil etilgan 28-tikuv sexi bilan bir vaqtda faoliyat yuritmoqda. Sex FNQIZ xodimlari uchun maxsus kiyimlarni tikish bilan shug‘ullanadi.

“Qo‘shimcha sexning ishga tushirilishi ishlab chiqarish jarayonidagi afzalliklardan tashqari, xalqaro standartlarga javob beradigan maxsus kiyimlar ishlab chiqarish samaradorligi va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, hududda yosh mutaxassislarni jalb etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilayotgani hudud aholisining iqtisodiy farovonligiga xizmat qilmoqda”, – deydi Nazri Nazriyev.

Korxonada yil oxirigacha choyshablar tikish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda, bu esa vaxta shaharchalarinu kompaniya ehtiyojlari va standartlarini inobatga olingan holda yaratilgan sifatli va qulay choyshablar bilan ta’minlashga hissa qo‘shadi.

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш