Zavod hududida maxsus-taktik oʼquv mashqlari oʼtkazildi

Fargʼona neftni qayta ishlash zavodida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir boʼlganda obʼekt rahbariyati va tuzilmalarining toʼgʼri xarakat qilish boʼyicha koʼnikmalarini, bilim saviyalarini oshirish, ishchi-xodimlarining yongʼin, texnologik avariyalar, portlash, fojiali halokatlar sharoitida fuqaro muhofazasining kompleks tadbirlarini bajarish boʼyicha amaliy tajribalarini takomillashtirish, shuningdek, maxsus va muhandislik texnikalarining doimiy shayligini, aloqa va xabar berish tizimlarining ishonchli ishlashini amalda tekshirish maqsadida maxsus-taktik oʼquv mashqlari tashkil etildi.

Maxsus-taktik oʼquv mashqlari belgilangan dastur boʼyicha 5 ta nuqtada oʼtkazildi. Dastlab zavod majlislar zalida muhim tadbirning huquqiy asoslari, mavzusi va maqsad-vazifalari haqida rahbariyat va daxldor boʼlimlar mutaxassislari tomonidan atroflicha tushunchalar berildi. Soʼngra amaliy mashqlarga kirishildi. Belgilangan 5 ta nuqtada tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar sodir boʼlganda obʼekt boshqaruv organi va fuqaro muhofazasi tuzilmalariga, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar, Yongʼin xavfsizligi, sogʼliqni saqlash boshqarmalariga, shuningdek, tegishli xizmatlarga oʼz vaqtida xabar berish boʼyicha zavod dispetcherlarining tezkor harakatlari amalga oshirildi.

Soʼngra obʼekt fuqaro muhofazasi tuzilmalarining saf koʼrigi, maxsus avariya-qutqaruv asbob-anjomlari, kiyim-boshlar va texnikalar koʼrgazmasi tashkil etildi. 6-tsexning 115/13-sonli rezervuar parki 59-sonli rezervuarda favqulodda sodir boʼlgan yongʼinni bartaraf etish mashqlari bajarildi. Voqea joyida jabrlanganlarga birinchi tez tibbiy yordam koʼrsatish va davolash muassasalariga yuborish harakatlari amalga oshirildi.

1-tsexning etan blok texnologik qurilmasida esa yuzaga kelgan tabiiy ofat oqibatini oʼz vaqtida bartaraf etish, qutqaruv va boshqa kechiktirib boʼlmaydigan birinchi navbatdagi tadbirlarni bajarish, jabrlanganlarni qidirib topish, ularga birinchi tez tibbiy yordam koʼrsatish harakatlari amalda koʼrsatildi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda qoʼriqlash xizmatining xarakatlari namoyish etildi. Obʼekt fuqaro muhofazasi tuzilmalarining yakuniy saf koʼrigini oʼtkazildi.

Zavod majlislar zalida oʼquv mashqlari yakuniga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda maxsus-taktik oʼquv mashqlari belgilangan reja va dasturga asosan muvaffaqiyatli oʼtgani eʼtirof etildi hamda yuqori baholandi.

 


FNQIZ matbuot xizmati


Нашр этиш