
Neftni qayta ishlash tarmogvida uglevodorod xomashyosini qayta ishlash chuqurligi va samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan yechimlarni joriy etish davom etmoqda. Bunday yo‘nalishlardan biri tovar neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga ikkilamchi qayta ishlash fraksiyalarini jalb qilishdan iborat.
Qayta ishlashning so‘nggi bosqichlarida olinadigan fraksiyalarda, odatda, qatronli va to‘yinmagan birikmalar, shuningdek oltingugurt va azot tarkibli komponentlar miqdori yuqori bo‘ladi. Bu xususiyatlar ularni keyinchalik ishlatishni murakkablashtiradi, mahsulotlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va uskunalarning tezroq eskirishiga olib keladi. Bu esa qo‘shimcha tozalash va barqarorlashtirish usullarini qo‘llashni talab etadi.
Farg‘ona NQIZ mutaxassislari koks benzini va koks distillyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydaladigan dizel yoqilg‘isi bilan aralashtirish va keyinchalik aralashmani gidrodesulfurizatsiya qurilmasida qayta ishlashni nazarda tutuvchi texnologik yondashuvni ishlab chiqdilar va joriy etdilar. Gidrodesulfurizatsiya jarayonida keraksiz birikmalar miqdori kamayadi, mahsulotlarning barqarorligi va ularning ekspluatatsion xususiyatlari yaxshilanadi.
Texnologiyani joriy etish natijasida koksli benzinni qisman jalb qilish hisobiga dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi oshdi, dizel yoqilg‘isining past haroratli xususiyatlari yaxshilandi, shu jumladan, qotish harorati pasaydi. Shuningdek, barcha markadagi tovar benzinlarini tayyorlashda cheklovlarsiz foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan barqaror benzin olishga erishildi.
Ushbu yechimning amalga oshirilishi ikkilamchi qayta ishlash fraksiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, tovar mahsuloti chiqishini ko‘paytirish va tanqis to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydash komponentlariga qaramlikni kamaytirish imkonini berdi. Texnologiyaning joriy etilishi ishlab chiqarishning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ishlar korxonani modernizatsiya qilish doirasida olib borilmoqda va ichki bozorni belgilangan sifat xususiyatlariga ega neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

