Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish jarayonini muqobil yoqilg‘idan foydalanish hisobiga suv bug‘i bilan ta’minlashga qaratilgan texnik yechimlar joriy etildi.
Yangi bug‘-qozonxona majmuasida mazut xo‘jaligini jihozlash va ishga tushirish-sozlash ishlari yakunlandi. Natijada o‘rta bosimli bug‘ ishlab chiqarish uchun pech mazutini muqobil yoqilg‘i sifatida yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Qozonlarning mazutda ishlash imkoniyati tabiiy gaz yetkazib berishda cheklovlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qish mavsumida alohida ahamiyatga ega. O‘z bug‘ manbasining mavjudligi texnologik jarayonning barqarorligini oshirish hamda tashqi ta’minotdagi ehtimoliy uzilishlarning ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, bu Farg‘ona IESidan bug‘ xarid qilish bilan bog‘liq ekspluatatsion xarajatlarni optimallashtirishni qish mavsumida ham davom ettirish imkonini beradi. Xarid qilinadigan bug‘ hajmini o‘rtacha 40 foizga qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.






Yangi qozonlardan foydalanish tashqaridan bug‘ xarid qilish xarajatlarini kamaytirish va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda. Iqtisodiy samaraning aniq miqdori xarid qilinayotgan bug‘ qiymatini o‘z bug‘-qozonxonasida pech mazutidan foydalangan holda ishlab chiqariladigan bug‘ning to‘liq tannarxi bilan taqqoslash natijasida aniqlanadi.
Energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida amalga oshirilmoqda.
