Farg‘ona NQIZda SIUT talabalari amaliyot o‘tkazishdi

Yangiliklar UZ Курилди: 490

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (Farg‘ona NQIZ) va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida universitetning Neft-gaz injiniring fakultetida tahsil olayotgan 1- va 2-bosqich talabalari uchun ikki haftalik ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etildi.

Amaliyot davomida 16 nafar talaba zavodning turli texnologik bo‘limlarida ishtirok etib, nazariy bilimlarini real sanoat muhiti sharoitida mustahkamlash imkoniga ega bo‘lishdi. Bu jarayon ular uchun nafaqat kasbiy tajriba, balki shaxsiy o‘sish, jamoaviy muloqot va mas’uliyatli qarorlar qabul qilish borasida ham muhim maktab bo‘ldi.

Amaliyot chog‘ida talabalar atmosferavakuum distillyatsiyasi (AVT), gidrokraking, izomerizatsiya, vodorod ishlab chiqarish, oqova suvlarni tozalash, ekologik monitoring va xavfsizlik tizimlari kabi zamonaviy texnologik bo‘limlar bilan tanishishdi. Ko‘pchilik talabalar laboratoriyalarda tahlil olib borishda, ayrimlari esa texnologik qurilmalar bilan ishlash, jarayonlarni boshqarish va muhandislik yondashuvlarini o‘rganishda bevosita qatnashdi.

Shuningdek, talabalar uchun zavod muhandislari, texnologlari va bo‘lim rahbarlari tomonidan amaliy mashg‘ulotlar, tushuntiruvlar va interaktiv muhokamalar tashkil etildi. Bu amaliyot ularga sanoat tarmog‘i bilan bevosita aloqa o‘rnatish, texnologik tafakkurni rivojlantirish va muhim ishlab chiqarish prinsiplarini chuqur anglash imkonini berdi.

       To‘lqin Samukov, SIUT ilmiy va innovatsion ishlar bo‘yicha prorektori, t.f.d., professor:

“Talabalarimiz uchun bunday tajriba — bu faqat amaliyot emas, balki kelajakda kim bo‘lishini anglash yo‘lida muhim qadamlardan biridir. Farg‘ona NQIZdagi amaliyot ularning o‘z ustida ishlashiga, real sanoat muammolari bilan tanishib, ularni hal qilishga intilishiga zamin yaratdi. Shu kabi amaliy mashg‘ulotlar kelajakdagi muvaffaqiyatli neft-gaz muhandislarining shakllanishida katta rol o‘ynaydi.”

    Nasiba Shodmonova, Farg‘ona NQIZ personalni o‘qitish va rivojlantirish bo‘limi rahbari:

“Bugun raqobatbardosh kadr tayyorlash uchun nafaqat darsliklar, balki real ish sharoitida sinovdan o‘tish muhim. Biz uchun bu jarayon ikki tomonlama foydali: talabalar amaliyotda o‘rganadi, biz esa yoshlar ichidan iqtidorli, fidoyi va g‘ayratli mutaxassislar nishonalarini erta bosqichda ilg‘aymiz. Yosh avlodga ishonch bilan bilim ulashish — bu bizning korxona qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Farg‘ona NQIZ — bu nafaqat ishlab chiqarish, balki kelajak kadrlarini tarbiyalaydigan makon hamdir.”

Farg‘ona NQIZ va SIUT o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat talabalarning bugungi amaliyoti, balki kelajakdagi barqaror kadrlar siyosatining poydevoridir. Ushbu ikki haftalik jarayon esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilishi mumkin.

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

Нашр этиш