Zavod direktoriga Pro liga chempionligi medali topshirildi

Yangiliklar UZ Курилди: 1020

Bu yilgi Pro liga chempionati uchrashuvlarida “Neftchi” futbol jamoasi chiroyli, hujumkor oʼyinlar namoyish etib, ketma-ket gʼalabalarga erishib, ishonchni oqladi, fargʼonalik neftchilar sharafini munosib himoya qildi, mudatidan oldin Superligaga qaytdi.

“Istiqlol” stadionida “Neftchi”ning Superliga yoʼllanmasini qoʼlga kiritgani va Pro ligada ilk bor chempion boʼlgani munosabati bilan oʼtkazilgan taqdirlash marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov futbolchilarga gʼoliblik medallarini hamda Pro liga kubogini topshirdi. Klubga va sevimli jamoa muxlislariga tabrik yoʼlladi.

Bugun “Neftchi” klubi rahbari Zohidjon Gʼofurov va bosh murabbiy Ilhomjon Moʼminjonov bosh homiy - Fargʼona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurishdi. Zavod direktori huzurida boʼlgan mehmonlar klubni yil davomida moddiy qoʼllab-quvvatlab turgani, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga katta hissa qoʼshgani, qolaversa jamoa aʼzolariga ruhiy kuch-quvvat baxsh etgani uchun korxona rahbariyatiga va koʼpming sonli jamoa aʼzolariga samimiy soʼzlarini va cheksiz minnatdorchiliklarini bildirishdi. Soʼngra klub prizidenti-zavod direktori X.Latipovga Pro liga chempionlik medalini topshirdilar.

Zavod direktori X.Latipov Oʼzbekiston futboli tarixida “Neftchi” klubining alohida oʼrni borligini, jamoa kelgusi chempionatda yana yorqin oʼyinlari va gʼalabalari bilan avvalgi shuhratini qaytarishini taʼkidladi. Jamoaga muvaffaqiyat tiladi.

Eslatib oʼtamiz: “Neftchi” jamoasi 5 marta Oʼzbekiston chempioni, 9 karra kumush, bir marta bronza medallari sohibi boʼlgan, 2 marta Oʼzbekiston kubogini egallagan. MDH, Osiyo mamlakatlari chempionlari kubogi musobaqalarida Oʼzbekiston sharafini ishonchli himoya qilgan. 1994 yilda asosan "Neftchi" futbolchilaridan tarkib topgan Oʼzbekiston terma jamoasi Osiyo oʼyinlari gʼolibi boʼlgan.  

 

FNQIZ matbuot xizmati

 

Нашр этиш